SUG‘URTA MAHSULOTI ISTE’MOLCHILARINING MANFAATLARINI HIMOYA QILISH TIZIMI VA UNI TAKOMILLASHTIRISH
Abstract
Global miqyosda, jumladan, O’zbekistonda sug’urta faoliyati tabiiy va stixiyali kuchlar ta’sirida baxtsiz hodisalar sodir bo’lishi oqibatida yetkazilgan zararlarni qoplash orqali iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholi turmush darajasini yaxshilashning muhim omili hisoblanadi. Lekin, turli davrlarda yuz berib turadigan moliyaviy hamda iqtisodiy inqirozlar va sug’urta kompaniyalari boshqaruvining noto’g’ri siyosati sababli sug’urta kompaniyalari og’ir moliyaviy ahvolga tushib qolishlari mumkin. Bu o’z navbatida, sug’urta kompaniyalari o’z mijozlarining manfaatlarini ishonchli, shuningdek samarali himoyalash tizimini yaratishni taqozo etadi. Hozirda dunyoda sug’urta mahsuloti iste’molchilarining manfaatlarini himoya qilish tizimi turlicha shakllantirilgan. Aksariyat mamlakatlarda sug’urta iste’molchilarini himoya qilish vazifasi sug’urta faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish bo’yicha vakolatli davlat organlari zimmasiga yuklatilgan. Jumladan, IAIS tomonidan tasdiqlangan “Sug’urtaning asosiy prinsiplari”da nazorat qiluvchi organlar sug’urtalovchi va sug’urta vositachilaridan sug’urta faoliyatini yuritishda sug’urta shartnomasi tuzilgan vaqtdan ushbu shartnomada ko’rsatilgan barcha majburiyatlar bajarilgunga qadar iste’molchilarga adolatli munosabatda bo’lishni talab qiladi, deb qayd etilgan [1]. Sug’urta mahsuloti iste’molchilarining manfaatlarini va qonuniy huquqlarini himoya qilish masalasiga dunyo bo’ylab hamda mintaqalararo e’tibor qaratilmoqda. Buning asosiy sababi shundaki, yirik va tizimli ahamiyatga ega sug’urta kompaniyalarining iqtisodiy nochor holatga tushib qolishi oqibatida zimmasiga olgan majburiyatini bajarmasligi ko’p sonli sug’urta iste’molchilarining, nafaqat sug’urta kompaniyasiga, balki hukumatga qarshi ommaviy noroziligini keltirib chiqaradi.